Muallif: Madina Shaxnazarova · 23-oktabr 2026-yil
O‘tgan shanba kuni Myunxenning eski shahar qismida sayr qilayotib, kutilmaganda noodatiy manzaraga duch keldim. Ko‘cha bo‘ylab rang-barang sharlar bilan bezatilgan ustunlar o‘rnatilgan, go‘yoki shahar qandaydir o‘zgacha voqeani kutib olishga hozirlik ko‘rayotgandek edi. Ko‘chaning ikki tomonida yig‘ilgan olomon esa nimanidir kelishini intizorlik bilan kutardi.
Nima bo‘layotganiga qiziqib, men ham olomonga qo‘shildim.
Bir necha daqiqadan so‘ng ko‘chaning narigi boshidan eski rusumdagi tramvay ko‘rindi. U ko‘cha bo‘ylab tanish qo‘ng‘iroq ovozlarini jaranglatib, biz tomon yaqinlashib kelardi. Tramvay yaqinlashishi bilan odamlar telefonlarida suratga va videoga olishni boshlashdi.
Tramvayda nemis tilida “150 Jahre”, ya’ni “150 yil” degan yozuv bor edi.
Shu zahoti hammasi ayon bo‘ldi. Myunxen shahri muhim tarixiy sanani — 1876-yilda ilk tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilganining 150 yilligini nishonlayotgan edi.
Bayram tantanalari 17–18-oktabr kunlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, Myunxen tramvayining rasmiy tug‘ilgan kuni 2026-yil 21-oktabrga to‘g‘ri keladi. Chunki aynan shu kuni, 1876-yilda, shaharda ilk bor otlar tortadigan tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Manba: MVG — Myunxen tramvayining 150 yilligi

Yubiley tantanalari
MVG ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 17–18-oktabr kunlari Myunxenda tramvayning 150 yilligi keng nishonlanib, bayram tadbirlariga jami 35 mingga yaqin kishi tashrif buyurgan.
Bayramning eng diqqatga sazovor voqealaridan biri shahar markazida o‘tkazilgan tarixiy va zamonaviy tramvaylar paradi bo‘ldi. Paradda jami 15 ta transport vositasi qatnashib, ular taxminan 300 metr uzunlikdagi safni hosil qildi. 1901-yildan hozirgi kungacha bo‘lgan davrga oid tramvaylar tomoshabinlarga Myunxen tramvaylari yillar davomida qanday o‘zgarib borganini ko‘rish imkonini berdi.
Manba: MVG — 150 yillik tramvay bayramiga 35 mingga yaqin kishi tashrif buyurdi.
Paraddan so‘ng ayrim tarixiy tramvaylar Sendlinger Tor va Einsteinstraßedagi tramvay deposi o‘rtasida tashkil etilgan maxsus bayram yo‘nalishida qatnovni davom ettirdi.
Yakshanba kuni tramvay deposi tashrif buyuruvchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Bu yerga 10 mingga yaqin kishi kelib, tarixiy va zamonaviy tramvaylarni yaqindan ko‘rish hamda Myunxen tramvay tizimining kundalik faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Myunxen tramvay tarmog‘ining rivojlanishi, qisqarishi va qayta tiklanishi
150 yillik bayrami Myunxen hayotida tramvayning qanchalik muhim o‘rin tutishi haqida ham fikr yuritishga undadi. Yo‘lovchilar manfaatlarini himoya qiluvchi PRO BAHN uyushmasi tramvayning shahar rivojlanishidagi ahamiyatini ta’kidladi. Uyushma ma’lumotlariga ko‘ra, 1960–1970-yillarda ko‘plab shaharlar tramvay tizimidan voz kechgan bo‘lsa, Myunxen o‘z tramvay tarmog‘ini saqlab qolgan va keyinchalik uni qayta rivojlantirishga sarmoya kiritgan.
Myunxen tramvay tarmog‘i doim ham bir maromda kengayib bormagan. Aksincha, uning tarixida rivojlanish va qisqarish davrlari almashib turgan. Bunga siyosiy jarayonlar, transport siyosatidagi o‘zgarishlar, muqobil jamoat transporti turlarining paydo bo‘lishi hamda Myunxen aholisining qaysi transport turini afzal ko‘rishi kabi turli omillar ta’sir ko‘rsatgan.

Manba: MVG — Myunxen tramvayining 150 yilligi, rasmiy yubiley risolasi (2026)
Open
1876-yilda atigi 2,8 kilometrlik yo‘nalish bilan ish boshlagan Myunxen tramvay tarmog‘i 1964-yilga kelib 134,6 kilometrga yetib, o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Biroq Myunxenda metro (U-Bahn) tarmog‘i kengayib borgani sari ko‘plab tramvay yo‘nalishlari yopildi. Masalan, U3 va U6 metro liniyalari qisman sobiq 3- va 6-tramvay yo‘nalishlari bo‘ylab qurilgan bo‘lib, hatto ularning raqamlari ham saqlab qolingan. Natijada 1990-yillarning boshlariga kelib tramvay tarmog‘ining umumiy uzunligi taxminan 65 kilometrgacha qisqardi.
1990-yillarda tramvay tarmog‘ini rivojlantirishga siyosiy doiralarda ham, Myunxen aholisi orasida ham qo‘llab-quvvatlash kuchaydi. Bu esa tramvay tizimiga qaytadan sarmoya kiritilishiga turtki bo‘ldi. Ilgari yopilgan ayrim yo‘nalishlar qayta tiklandi, tramvay parki esa yangi, zamonaviy vagonlar bilan yangilandi. Bugungi kunda Myunxen tramvay tarmog‘ining umumiy uzunligi taxminan 82 kilometrni tashkil etadi.
Manba: MVG — Myunxen tramvayi tarixi
Yo‘lovchilar qatnovi
Faoliyatining dastlabki yilida otlar tortadigan tramvayda 390 mingta yo‘lovchi qatnovi amalga oshirilgan. 2025-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 127 millionga yetgan, ya’ni qariyb 326 barobarga oshgan.

Manbalar: MVG — Tramvay tarixi (dastlabki yilda 390 mingta yo‘lovchi qatnovi); MVG — 2025-yildagi yo‘lovchilar qatnovi rekordi (2025-yilda 127 millionta tramvay qatnovi)
Yo‘lovchilar qatnovining bunday o‘sishi qisman Myunxen aholisi sonining ko‘payishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. 1876-yilda shaharda 200 mingga yetmagan aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich taxminan 1,6 million kishini tashkil etadi.
Manba: MVG — Myunxen tramvayi tarixi
Tramvay texnologiyasining rivojlanishi
Myunxenda ilk tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishidan taxminan 15 yil avval ham relslar ustida harakatlanadigan, otlar tortadigan vagonlarni joriy etish taklif qilingan edi. Biroq shahar kengashi o‘sha paytda bunga ehtiyoj yo‘q deb hisoblab, taklifni rad etgan.
Myunxen shahri kengayib borgani sari, shahar hokimiyati oxir-oqibat tramvay tizimini joriy etishga ruxsat berdi. Tramvay qatnovini tashkil etish va undan foydalanish huquqi belgiyalik tadbirkor Eduard Otlega (Édouard Otlet) berildi.
Otlar tortadigan tramvaylar 1876-yilda qatnay boshlagan va 1900-yilgacha xizmat ko‘rsatgan. 1883-yilda Myunxenda bug‘ dvigateli yordamida harakatlanadigan tramvaylar ham joriy etilgan, biroq ular ham 1900-yilga kelib qatnovdan chiqarilgan.
Shu bilan birga, shaharda elektr tramvaylariga o‘tish jarayoni ham boshlangan edi. 1895-yilda Myunxenda ilk elektr tramvaylari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Manba: Münchner Verkehrsgesellschaft (MVG) — Myunxen tramvayi tarixi

O‘sha kuni menga ham tarixiy tramvaylardan birida sayohat qilish nasib etdi. Meni hayratga solgani shuki, poli ancha past bo‘lgan zamonaviy tramvaylardan farqli o‘laroq, bu tramvayga chiqish uchun uchta zinapoyadan ko‘tarilish kerak edi. Keyinchalik bilsam, Myunxenda ilk past polli tramvaylar 1994-yilda joriy etilgan ekan. Bunday tramvaylarni yaratish uchun ayrim texnik qismlar boshqa joyga, jumladan, tom qismiga ko‘chirilgan. Natijada tramvay polini pasaytirish va yo‘lovchilarning chiqib-tushishini osonlashtirish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Manba: MVG — Myunxen tramvayining 150 yilligi: Tramvay turlari
Oddiy sayr sifatida boshlangan kunim kutilmaganda muhim tarixiy sanaga bag‘ishlangan bayram tantanalariga guvoh bo‘lish imkoniyatiga aylandi. O‘tgan 150 yil davomida Myunxen tramvayi katta o‘zgarishlarni boshdan kechirdi va uning tarixi hamon davom etmoqda. Bugun ham u odamlarni bir-biriga bog‘lab, shahar aholisi va mehmonlari kundalik hayotining ajralmas va sevimli qismi bo‘lib qolmoqda.



